Noqonuniy savdoga qarshi kurashish to‘g‘risidagi kelishuv
Noqonuniy savdo, moliyaviy firibgarlik va pul mablag'larini yuvishga
qarshi kurash to'g'risida Kelishuv
WebMoney Transfer tizimi Operatori, WMT LLC nomidan (bundan buyon Operator),
moliya muassasasi bo'lmagan holda va moliyaviy operatsiyalar o'tkazmagan
holda, biroq WebMoney Transfer tizimining dasturiy-apparat majmuasi
protsessingini amalga oshirib, ushbu kelishuv tartibida qo'shilgan WebMoney
Transfer tizimi ishtirokchilari (bundan buyon Tizim ishtirokchilari) bilan
birgalikda noqonuniy savdoga, moliyaviy firibgarlikka, noqonuniy yo'l bilan
olingan pul mablag'larini yuvish va legallashtirishga qarshi kurashga
qaratilgan huquqiy me'yorlarni, jumladan xalqaro me'yorlarni, tan oladi
va quyidagilar to'g'risida ushbu kelishuvni (bundan buyon Kelishuv) qabul
qiladi:
-
Ta'riflar:
Noqonuniy savdo — noqonuniy, zararli, axloqqa zid, mualliflik
huquqlarini buzuvchi, odamlarni irqiy, etnik, jinsiy, ijtimoiy belgilari
bo'yicha nafrat va/yoki kamsitishni targ'ib qiluvchi tovar
va xizmatlarni sotish va tarqatish.
Piramida — tashkilotchilari o'z ishtirokchilaridan yuqori foiz
daromadi va'dasi ostida olingan mablag'larni o'zlarining shaxsiy manfaatlarida
qayta taqsimlaydigan va foydalanadigan firibgar tuzilma.
Pul mablag'larini yuvish — noqonuniy faoliyat natijasida
olingan mablag'larni ularning haqiqiy kelib chiqishini, haqiqiy egalarini
yoki qonun buzilganligidan dalolat berishi mumkin bo'lgan boshqa
jihatlarni yashirish maqsadida boshqa aktivlarga o'tkazish imkonini beruvchi
usullar va protseduralar.
-
Operator va Tizim ishtirokchilari quyidagi majburiyatlarni o'z
zimmalariga oladilar:
- WebMoney Transfer tizimidan foydalangan holda noqonuniy savdoga
va boshqa istalgan noqonuniy operatsiyalarga to'g'ridan-to'g'ri
yoki bilvosita ko'maklashishni istisno etish;
- moliyaviy firibgarlik o'tkazishga to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita
ko'maklashishni istisno etish, WebMoney Transfer tizimining titul belgilarini
tegishli rasmiylashtirmasdan foizga o'tkazmaslik va qabul qilmaslik,
WebMoney Transfer tizimidan piramidalarni yaratish va tarqatish uchun,
shuningdek qonunchilikka va huquqiy me'yorlarga zid bo'lgan boshqa
harakatlarni amalga oshirish uchun foydalanmaslik;
- WebMoney Transfer tizimidan foydalangan holda o'zining amaliy faoliyatida
noqonuniy yo'l bilan olingan pul mablag'larini
yuvish va legallashtirishga qarshi kurashga to'g'ridan-to'g'ri
yoki bilvosita zarar yetkazishi mumkin bo'lgan istalgan harakatlarni
istisno etish;
- pul mablag'larini yuvish bo'yicha noqonuniy faoliyat bilan shug'ullanuvchi
moliyaviy terrorchilarni qidirish va ushlashda huquqni muhofaza qilish
organlariga imkon qadar yordam ko'rsatish.
-
Operator WebMoney Transfer tizimidan foydalangan holda noqonuniy savdo,
moliyaviy firibgarlik va pul mablag'larini yuvish urinishlarining oldini
olish maqsadida zarur choralarni ko'rishga majburdir. Ko'rsatilgan choralar,
jumladan quyidagilarni o'z ichiga oladi:
- amaldagi qonunchilikka muvofiq WebMoney Transfer tizimidagi tranzaksiyalar
protsessingiga oid so'ralayotgan istalgan ma'lumotni vakolatli organlarga
taqdim etish;
- amaldagi qonunchilikka muvofiq vakolatli organlarning talabiga ko'ra,
shuningdek Operator ushbu Tizim ishtirokchisining noqonuniy yoki shubhali
faoliyati haqida yetarli ma'lumotga ega bo'lgan taqdirda o'z tashabbusi bilan
Tizim ishtirokchilaridan istalganining tranzaksiyalar protsessingini to'xtatib
turish;
- noqonuniy savdo, moliyaviy firibgarlik va pul mablag'larini yuvishga
qarshi kurashga qaratilgan qonunchilikka zid faoliyatda WebMoney Transfer
tizimidan to'g'ridan-to'g'ri yoki bilvosita foydalanishning oldini olish
uchun WebMoney Transfer tizimining o'zini ham, uning qo'shimcha xizmatlarini
ham takomillashtirish.
- Operator va Tizim ishtirokchilari Kelishuvga muvofiq o'z zimmalariga
majburiyatlar olib, unda mavjud shartlarning bajarilishi ularning noqonuniy
savdo, moliyaviy firibgarlik va pul mablag'larini yuvish bo'yicha jinoiy
faoliyatga ko'maklashishi va ishtirok etishiga yo'l qo'ymaslikka
qaratilganligini tan oladilar.
- Kelishuv ishtirokchilari noqonuniy yo'l bilan olingan pul mablag'larini
yuvish va moliyaviy terrorizmga qarshi kurash bo'yicha qonunchilikka rioya
qilish zarurligini bir xilda tushunadilar va Kelishuvga muvofiq olingan
majburiyatlar bilan bog'liqdirlar. Shu bilan birga, Tizim ishtirokchilarining
har biri WebMoney Transfer tizimidan foydalangan holda o'zi amalga oshirgan
harakatlar uchun shaxsan javobgardir. Shaxsiy javobgarlikni Tizimning boshqa
ishtirokchilariga, shuningdek Operatorga yuklash mumkin emas.
- Siz WebMoney Transfer tizimida ro'yxatdan o'tish protseduralarini o'tash
orqali ushbu Kelishuvni aksept qilasiz va shu bilan WebMoney Transfer
tizimi ishtirokchisi sifatida ushbu Kelishuvning majburiyatlari
va me'yorlarini bajarishga qo'shilasiz.